Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti texnoparki bazasidaMChJ“IDEA IMPEX” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining bosh texnologi tomonidan onkologik kasalliklarni davolash uchun mo’ljallangan “TOR (operativ reabilitatsiya texnologiyasi)” terapevtik apparati ishlab chiqildi.
Ushbu qurilmaning samaradorligini tasdiqlash maqsadida, 12 oy davomida hayvonlarda sinov ishlari olib borildi va natijalari shuni ko’rsatdiki, elektromagnit to’lqinlar ta’sirida 100% rad etish bilan o’smalar kamaygan. Komissiyaning xulosasi: qurilma immunomodulyatsion ta’sirga ega bo’lib, organizmning adaptiv reaktsiyalarini rag’batlantiradi, shu bilan birga tanaga salbiy ta’sirlari aniqlanmagan.
O’tgan yilning avgust oyidan boshlab“TOR” terapevtik apparatining klinik sinovi ishlarini insonlarda, bemorlarning ixtiyoriy roziligi bilan, o’tkazish boshlandi.
Muvaffaqiyatli klinik sinovlardan so’ng apparatni tibbiy amaliyotga joriy etish dalolatnomasi O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent vaBuxoro filiallari tomonidan tasdiqlandi.
Farmatsevtika qo’mitasi tomonidan 20.03.2020 yildagi TT /M 00383/03/20- raqamli tibbiy asbob-uskunalarni ro’yxatdan o’tkazish to’g’risidagi guvohnoma va 02.06.2020 yildagi 2443246-sonli muvofiqlik sertifikatiga ega bo’ldi, shuningdek, qurilma INNOWEEK-2019 ko’rgazmasida qatnashdi va onkologiya sohasidagi eng yaxshi yechim sifatida sertifikat bilan taqdirlandi.
Joriy yilning iyul oyida O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik shifoxonasi bazasida ushbu qurilmani immunomodulyator sifatida koronavirus infektsiyasiga chalingan bemorlarni davolash uchun sinov ishlari boshlandi. Birinchi test natijalariga ko’ra, terapiyaning 8-seansidan so’ng, PZR tahlillari koronavirus infektsiyasining mavjudligi boyicha salbiy natijani ko’rsatdi.
Yaqin kelajakda “IDEA IMPEX” MChJ ushbu qurilmani Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti texnoparki bazasida ishlab chiqarishni boshlash niyatida.