You are currently viewing CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ochilish marosimi

CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ochilish marosimi

Odatda, CONFINDUSTRIA nomi bilan mashhur bo’lgan Italiya sanoatining umumiy konfederatsiyasi – Italiya ish beruvchilar federatsiyasi va Milliy savdo palatasidir. Uning asosiy maqsadi – besh millionga yaqin jismoniy shaxslarga va yuz mingdan ziyod a’zo kompaniyalarga Yevropa qit’asida biznes yuritishda yordam berish orqali iqtisodiy o’sishni rivojlantirishdir. CONFINDUSTRIA ning Yevropa mamlakatlarida 15 vakili mavjud va O’zbekiston CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN savdo belgisi bilan 16-o’rinni egallab turibdi.

2021-yil 11-mart kuni Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti o’z kampusida CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ochilish marosimini o’tkazdi.

Italiya Respublikasining O’zbekistondagi elchisi Agostino Pinna va Confindustria Uzbekistan prezidenti Luka Pikasso qizil tasmani kesib, CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ni ochiq deb e’lon qildilar.

Universitetning anjumanlar zalida tadbir mehmonlari o’zlarining fikrlari, taassurotlari va CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ning keyingi muvaffaqiyatli faoliyati uchun bildirgan tilaklari bilan bo’lishish imkoniyatiga ega bo’ldilar.

“Bugungi kunda Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti – bu O’zbekiston va Italiya o’rtasida yaratilgan eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo’lib kelmoqda. Va bugun uning kampusida yana bir qo’shma tashkilot – CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN ning ochilishi munosabatlarimizning sezilarli rivojlanishi uchun katta umid baxsh etadi.” – dedi o’z nutqida Italiyaning O’zbekistondagi elchisi Agostino Pinna.

“CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN mahalliy bozor uchun ish o’rinlari yaratadigan, hamda O’zbekiston va Italiya davlatlari o’rtasidagi savdo ayirboshlashni sezilarli darajada oshiradigan o’zaro manfaatli biznes-loyihalar bo’yicha italyan va mahalliy kompaniyalarning birgalikda ishlashi uchun ulkan platforma bo’lib xizmat qiladi”, – deydi Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti rektori doktor Jamshid Inoyatxodjaev. “Bundan tashqari, o’zbekistonlik tadbirkorlar CONFINDUSTRIA ning Yevropadagi boshqa vakillari orqali sherik topish va o’z mahsulotlarini Yevropa bozorida sotish uchun ajoyib imkoniyatlarga ega bo’ladilar.”

Shuningdek, boshqa muvaffaqiyatli italyan-o’zbek loyihalari vakillari, Manganorobot Group asoschisi va bosh direktori, Daniele Mangano va “Juventus Academy-Tashkent” futbol akademiyasining direktori v.b., Jasur G’ayratov o’z tabriklarini va muvaffaqiyatli hamkorlik yo’lidagi iliq tilaklarini bildirdilar.

CONFINDUSTRIA UZBEKISTAN prezidenti Luka Pikassoning so’zlariga ko’ra, tashkilot Italiya-O’zbekiston davlatlarining sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va O’zbekiston iqtisodiyotini yangi bosqichga ko’tarishda qudratli kuchga aylanishini va’da qilmoqda.