2021-yil 16-mart kuni Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetining yangi zamonaviy innovatsion binosining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Ochilish marosimini rasmiy tarzda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Musayev Behzod Anvarovich va Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri Toshkulov Abduqodir Hamidovich talabalar va xodimlarni yangi binoning ochilishi munosabati bilan tabriklab, o’z nutq so’zlari bilan boshlab berdilar.
“12 yil davomida mamlakat iqtisodiyotining turli sohalariga, avtosanoatimizning rivojlanishiga yetuk kadrlarni tayyorlashda juda yaxshi xizmat qilayotgan, bundan tashqari, yangi joriy qilinayotgan kredit-modul tizimini na’muna sifatida yo’lga qo’yib borayotgan, Italiyadagi bosh universitet bilan birgalikda doimiy asosda mustahkam hamkorlikni yo’lga qo’ygan Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetining yangi binosini ochilishida qatnashayotganimdan mamnunman. Ushbu bino, birinchi o’rinda, talabalar uchun, shuningdek bu yerda ishlayotgan domlalarimiz uchun kunni maroqli o’tkazishlariga, talabalarni ilhomlari, g’ayratlari kelishiga, bilimga nisbatan mehrlarini oshirishga xizmat qilsin”, – dedi o’z nutqida Bosh vazir o’rinbosari.
Ushbu so’zlarga qo’shimcha qilib: “Bugun Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetiga kirganimda xorijda biz ko’rib havas qilgan muhitni ko’rib juda xursand bo’ldim. Ushbu yaratilgan muhit talaba va xodimlar uchun shaxsiy tashvishlarni unutib, dam olishlari, chalg’ishlari va ijod qilishlari uchun ajoyib bir maskan bo’lib xizmat qiladi”, – deb aytdi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri.
Ochilish marosimi davomida barcha mehmonlar binoda tashkil etilgan ma’ruza zallari, o’quv xonasi, Akfa Class trening va seminarlar xonasi, materialshunoslik va kompyuter laboratoriyalari bilan tanishdilar.