2022 yil 2-7 aprel kunlari “Oʼzavtosanoat” АJ delegatsiya aʼzolari Italiyaning Turin Politexnika universiteti bilan hamkorlikda mamlakatimizda avtomobilsozlik sohasida taʼlim klasterini yaratish va bu orqali taʼlim sifatini koʼtarish boʼyicha bir qator masalalarni muhokama qilish maqsadida Italiyaning Turin shahriga xizmat safarini amalga oshirdi.
Delegatsiya aʼzolarini Turin Politexnika universiteti rektori Guido Sarakko boshchiligidagi administratsiya xodimlari kutib oldi, rasmiy tashrif doirasida universitet hududida joylashgan oʼquv va ilmiy laboratoriyalar bilan tanishuv, avtomobilsozlik sohasidagi tadqiqot markazlari va korxonalariga tashrif amalga oshirildi.
Rasmiy uchrashuvda delegatsiya aʼzolari Oʼzbekiston xududlarida Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda mashinasozlik sohasida oʼrta boʼgʼin mutaxassislarni tayyorlash uchun oʼquv muassasalarni tashkil etish boʼyicha muzokaralar oʼtkazdi.
Muzokaralar natijasida, Italiyaning Turin Politexnika universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2022-2023 oʼquv yilidan boshlab “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” (Industrial manufacturing technologies) professional oliy taʼlim yoʼnalishini ochishi kelishildi va birinchi bosqichga 150 ta talaba qabul qilinishi belgilandi.
Ushbu taʼlim dasturini 2023-2024 oʼquv yilidan boshlab Аndijon mashinasozlik instituti huzurida tadbiq qilinishi belgilandi. 2026 yilga qadar ushbu professional taʼlim yoʼnalishi boʼyicha talabalar sonini 10 mingga yetkazish va Italiya tomonidan bu uchun kerakli professor oʼqituvchilar, adabiyot va mutaxassislar kadrlarni jalb etishga kelishildi.
Italiyalik hamkorlar tomonidan 5 yillik strategik hamkorlik shartnomasi va chora-tadbirlar loyihasini tayyorlash kelishib olindi. Kelishilgan loyihani amalga oshirishni boshlash maqsadida Italiyaning Turin Politexnika Universiteti rektori Guido Sarakko boshchiligidagi ishchi-guruh aʼzolari yaqin kunlarda Toshkent shahriga kelishi rejalashtirildi.