Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy tasviriy sanʼat va dizayn instituti hamkorlikda Erasmus+ dasturi asosida Oliy taʼlim muassasalarining salohiyatini oshirish yo‘nalishida olib borilayotgan “San’at sohasida tadbirkorlikni rivojlantirishning ko‘p tarmoqli kompetensiyalarini rivojlantirish” loyihasi doirasida “San’at, musiqa va ijodkorlik sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalari” nomli o‘quv kursini tashkil qildi. Ushbu dastur doirasida har bir universitet va institutdan jami 18 nafar talabadan iborat to‘rt xil jamoa tuzildi. O‘quv kursi davomida har bir jamoa san’at, musiqa va ijodga yo‘naltirilgan jamoaviy ish ustida ishlab, yakuniy loyiha ishi sifatida o‘z biznes modelini ishlab chiqadi. Kursni muvaffaqiyatli tugatgandan so‘ng, talabalar Belgiyada ikki haftalik talabalar seminari va treninglarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Yakuniy loyiha ishi Erasmus+ (CBHE) “San’at sohasida tadbirkorlikni rivojlantirishning ko‘p tarmoqli kompetensiyalarini rivojlantirish” dasturining yopilish marosimida himoya qilinadi.