Millatimiz ma’naviyati va adabiyotining so‘nmas siymolari – Mir Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi yurtimizda keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan, joriy yilning 9-fevral sanasida Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetida Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Boburning 540 yilligiga bag‘ishlangan badiiy-adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet birinchi prorektori A.Ashurov ochib berib, ushbu ulug‘ kunning egalari, buyuk mutafakkirlarning o‘zbek tili va adabiyatiga qo‘shgan ulkan xissasi to‘g‘risida so‘z yuritdi hamda tadbir ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.
Tadbirni olib borgan universitet 1-bosqich talabasi S.Yo‘ldosheva ilk so‘zlarini Alisher Navoiyning “Kelmadi” radifli g‘azali bilan boshladi. So‘ng, universitet 3-bosqich talaba yigit-qizlari Alisher Navoiyning “Xamsa” asarining 5 dostoni to‘g‘risida qisqacha ta’rif berib, dostonlardan namunalar ijro etildilar.
Ko‘tarinki kayfiyatda o’tgan ushbu tadbirni universtitet 1-bosqich talaba yigit-qizlari va o’z navbatida universitet kitobsevarlar klubi a’zolari tomonidan tayyorlangan videorolik davom ettirdi. Ushbu videorolikda talabalar buyuk siymolarimiz qalamiga mansub g‘azal va ruboiylarni ijro etdilar.
Badiiy-adabiy kecha davomida universitetning iqtidorli talabalari, universitetda faoliyat yuritayotgan musiqa to‘garagi a’zolari tomonidan Zahiriddin Muhammad Boburning “Lola” g‘azaliga bitilgan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Shuningdek, tadbirga mehmon sifatida taklif etilgan O‘zbekiston Davlat Dramma teatri aktyori Shukrullo So‘fiev o‘z nutqida mutafakkirlarning boy merosi, asarlarida ulug‘langan milliy va umumbashariy g‘oyalar, allomalarning ana shunday o‘lmas asarlaridan namunalar ijro etdi.
Aytib o‘tish joizki, mazkur badiiy-adabiy kecha universitet qoshidagi Akademik litsey o’quvchilari buyuk shoirlarimizning ruboiy-g‘azallari, shuningdek milliy raqs va kuy-qo‘shiqlari bilan faol shtirok etdilar.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash joizki, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburlarning asarlaridagi ezgu g‘oyalardan yoshlarimizni bahramand etish, yigit-qizlarni buyuk ajdodlarimiz merosiga yuksak ehtirom ruhida tarbiyalash eng oliy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi. Biz buyuk Navoiy hamda Boburlarning avlodi bo‘lganimiz bilan iftixor qilamiz, hozirgi avlod ham kelgusi avlod ham hazrat asarlaridan chinakam bahramand bo‘lgan avlod bo‘lib yetishib, kamol topadilar degan umiddamiz.