You are currently viewing Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi

Bugun, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Abdurahmonov Ibrohim Yulchiyevich Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida bo‘lib, talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

TTPU

Tashrif doirasida Ibrohim Yulchiyevich universitetning o‘quv auditoriyalari, sport kompleksi, texnopark, laboratoriya va startap loyihalari bilan yaqindan tanishdi.

Universitet rektori, texnika fanlari doktori Inoyatxodjayev Jamshid Shuxratullayevich vazirga universitet faoliyaitni tanishtirar ekan, so‘nggi yillarda ko‘p sohalar qatorida avtomobilsozlik va bu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash borasida salmoqli ishlar qilinayotgani ta’kidlab, universitetning hozirgi holati va rivojlanish strategiyasiga (universitet ta’lim yo‘nalishlari, energiyatejamkor quyosh panellarini o‘rnatish borasidagi ishlar, spin-off kompaniyalari faoliyati, xalqaro a’loqalari va boshqalar) oid taqdimot qildi.

Shundan so‘ng, vazir universitetning professor-o‘qituvchilari bilan uchrashib, ular faoliyatidagi muammo va takliflari yuzasidan samimiy suhbat o‘tkazdi. Muloqot davomida pedagoglar tomonidan bildirilgan xalqaro loyihalar asosida xorijdan moddiy-texnikalarni olib kirishdagi qiyinchilik, ilmiy loyihalar uchun grant olishdagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatma berilib, universitetni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tuzishga kelishib olindi.

Vazir universitetda olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholab, ilmiy va o‘quv faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish, oliy va professional ta’lim integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, yil yakuniga qadar kampusni quyosh penellari bilan ta’minlash borasida reja qilingan 270 kVtli elektr stansiyasini barpo etish yuzasidan taklif va topshiriqlar berdi.

Shu kuni, universitet talabala-yoshlari vazir bilan samimiy muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Vazir yoshlik va talabalik hayotidan misollar keltirib, talabalarning muvaffaqiyatlarga erishishlari uchun kuzatuvchanlik muhim ahamiyatga ega ekanligini, qolaversa, ayni shu davrda kerakli bilim olib, vaqtdan unumli foydalanish, doimo oldinga intilish muhimligi haqida ma’ruza qildi. 

– Olim yoki kuchli mutaxassis bo‘lish uchun faqat iqtidor bo‘lishi yetarli emas. Buning uchun kuzatuvchanlik va oldinga qo‘yilgan katta maqsadlarga intilish ham bo‘lishi zarur.

Talaba-yoshlar ham o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, qator takliflarni berishdi. Jumladan, yoshlar uchun xorijda ilmiy stajirovkalarni yanada ko‘paytirish, universitetdan topshirilgan ilmiy grantlarni innovatsion va kreativ sohalarga yo‘naltirilgan loyihalar sifatida qo‘llab-quvvatlash, media loyihalarni rivojlantirish kabi takliflardan iborat bo‘ldi. Shuningdek, fotonika sohasini rivojlantirish orqali yurtimizda mikrochiplarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.