Joriy yilning 23 iyun kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida kitobsevarlar klubi a’zolarining navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvi o‘tkazildi. Aksariyat talabalar yozgi ta’tilga chiqib ketganliklari sababli uchrashuv Zoom platformasi orqali onlayn formatda bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda universitetimiz xotin-qizlar maslahat kengashi raisi F.Nabixanova tomonidan mutolaa qilish uchun tavsiya etilgan pokistonlik inson huquqlari himoyachisi Malala Yusufzoyning “Men Malalaman. Tik turib ta’lim olgan va tolibonlar tomonidan xo‘rlangan qizaloq” avtobiografik asari muhokama qilindi.
Tadbir avvalida ishtirokchilarda Malala Yusufzoy to‘g‘risida atroflicha ma’lumot xosil bo‘lishi uchun uning hayoti va faoliyati haqidagi videorolik namoyish etildi.
Klub uchrashuvining moderatori akademik guruhlar tyutori Faxriddin O‘rolovich Sattiyev asar muhokamasini boshlab berish uchun so‘zni TTPU yoshlar bilan ishlash bo‘yicha birinchi prorektori Alisher Ashurovga berdi.
A.Ashurov birinchi navbatda Malala shaxs sifatida juda kuchli va jasur inson ekanligi, o‘sha paytlarda 11 yashar qizaloq bo‘la turib qo‘rqmasdan barcha qizlar ta’lim olishga haqli ekanligini baralla ayta olishi alohida tahsinga loyiqligini aytdi. Britaniyalik jurnalist Kristina Lamb bilan hamkorlikda yozilgan ushbu avtobiografik asar juda yuksak saviyada yozilgani va o‘sha davlatlardagi real xayot aks ettirilganligi sababli o‘quvchini o‘ziga tortishini ta’kidlab o‘tdi.
So‘z navbati F.Nabixanovaga berilgach, u o‘z nutqi davomida davlatimiz xotin-qizlarni har qanday kamsitilish va tahqirlanishdan huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan himoya qiladigan barcha yirik xalqaro shartnomalarga qo‘shilganligini shuningdek, xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishlari, qasb-hunar egallashi va ishga qabul qilinishi hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun qulay imkoniyatlar yaratilganligini misollar keltirib gapirib berdi.
So‘zining yakunida u so‘ngi yillarda o‘qishni istaydigan qizlar soni ko‘payib borayotganligini va xozirga kelib oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 47 %ni xotin-qizlar tashkil etayotganini aloxida mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tdi.
Klub a’zolari uchrashuv moderatorining muhokama mavzusiga doir berayotgan savollariga mulohazali fikrlarini bildirishib, asar qahramonlari – Malala, uning ota-onasi, qarindosh-urug‘lari va do‘stlari shaxsiyatini tahlil qilishga, Svat vodiysida yuzaga kelgan siyosiy ahvolni yoritib berishga harakat qilishdi.
Asar muhokamasi juda qizg‘in va bahs-munozaralarga boy ko‘tarinki ruhda kechdi va unda faol ishtirok etib klub a’zolari e’tirofiga sazovor bo‘lgan talaba qizlarga universitet tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.