Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-128-son qarorida taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, taʼlim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish boʻyicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlash belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan Janubiy Koreyaning Milliy transport universiteti bilan hamkorlikda Koreya taʼlim vazirligining granti asosida maktablarning yuqori sinflarida 2026-2030 yillarda informatika va axborot texnologiyalari fani doirasida Sunʼiy intellekt va robototexnika asoslarini oʻqitishni takomillashtirish boʻyicha ODA grant loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xususan, joriy yilning 6-yanvar kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Janubiy Koreyaning Milliy transport universiteti (KNUT) hamkorligida Sunʼiy intellekt va robototexnika asoslarini oʻrgatish boʻyicha “Qishki maktab” ochilish marosimi boʻlib o’tdi.
Oʻquvchilarni STEM fanlariga qiziqishini oshirish hamda kelgusida muhandislik sohasida oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqishini davom ettirishga ilhomlantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu loyihaning ochilish marosimida TTPU rektori O.To’ychiyev, TRM direktori v.v.b. Yu.Risyukova va KNUT professori Ryum Duck Oh, shuningdek, Universitet professor-o’qituvchilari, Toshkent shahrida joylashgan maktablar o’quvchilari va ularning o’qituvchilari ishtirok etdi.
Trening ochilish marosimi davomida Koreya milliy transport universiteti professor oʻqituvchisi tomonidan oʻquvchilarga 21-asrda ishlab chiqarish sanoatini avtomatlashtirishga oid master-klass oʻtkazildi. Mazkur trening orqali robototexnika va sunʼiy intellekt yoʻnalishida bilim olishning qanchalik muhim ekanligi tushuntirildi.
Joriy yilning 6–10-yanvar kunlari o‘tkaziladigan o‘quv jarayonlarida Toshkent shahridagi 12 ta tumanda joylashgan maktablarning 10- va 11-sinflaridan 24 nafar oʻquvchi va “Informatika va Axborot texnologiyalari” fanidan 12 nafar oʻqituvchi ishtirok etishi belgilangan.
Treningni qiziqarli oʻtkazish maqsadida koreyalik hamkorlar tomonidan Robototexnika laboratoriyasini moddiy texnik bazasini shakllantirish uchun Arduino toʻplami va PIBO roboti olib kelingan. Ushbu jihozlar orqali oʻquvchilarga nazariy oʻrgangan dasturlashga oid bilimlarini robot qurilmasida sinovdan oʻtkazish imkoniyati yaratiladi.
Taʼkidlash lozim, tajriba-sinovdan oʻtkazilayotgan mazkur loyiha natijasida olinadigan ijobiy tajribalar kelgusida mobil laboratoriya yordamida respublikamizning chekka hududlarida joylashgan maktablarga ham tatbiq etilishi rejalashtirilgan.