Joriy yilning 10-yanvar kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Koreya Milliy transport universiteti hamkorligida tashkil etilgan Sunʼiy intellekt va robototexnika asoslarini oʻrgatish boʻyicha “Qishki maktab” yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Ta’limni rivojlantirish markazi mutasaddilari hamda Janubiy Koreyaning Koreya Milliy transport universiteti vakillari, “Qishki maktab”da qatnashgan o‘qituvchilar va o‘quvchilar ishtirok etdi.
Ta’kidlash lozimki, 6–10-yanvar kunlari Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda koreyalik mutaxassislar tomonidan Toshkent shahridagi 12 ta maktabning bitiruvchi sinf oʻquvchilari va Informatika va axborot texnologiyalari fani oʻqituvchilariga sunʼiy intellekt va robototexnika asoslari oʻqitildi.
Bunda oʻquvchilar sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanib robototexnika qurilmalaridan turli loyihalar yaratdilar va guruhlarga ajratilgan holda loyihalarni bajarishdi.
Shuningdek, oʻqituvchilar tomonidan sunʼiy intellekt va robototexnikaga oʻquvchilarni qiziqishi juda yaxshi ekanligi taʼkidlanib, kelgusida ushbu mavzularni Informatika va axborot texnologiyalari fani dasturida koʻpaytirilishi muhimligi bildirildi.
Jarayonlar yakunida o‘quvchilarning fikr-mulohazalarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatdiki, barcha o‘quvchilar “Qishki maktab” davomida dasturlash yoki sunʼiy intellekt bo‘yicha yangi tajriba yoki ko‘nikmalarga ega bo‘lgan.
Ushbu so‘rovnomada ishtirok etgan o‘quvchilarning 96,4 foizi dasturlash yoki sunʼiy intellekt bo‘yicha qo‘shimcha taʼlim olishga qiziqishlari ortganini bildirgan. Ularning aksariyati kelgusida oliy taʼlimda o‘qishni davom ettirish niyatida ekanliklarini va dasturlash va sunʼiy intellektni chuqurroq o‘rganish orqaligina jarayonlarni avtomatlashtirish yoki shu sohada mutaxassis bo‘lishni maqsad qilishlarini qayd etishgan.
Barcha o‘quvchilar dasturlash va sunʼiy intellekt boʻyicha qo‘shimcha taʼlim olish kelajakdagi karyera imkoniyatlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatishiga ishonch hosil qilgan.
“Qishki maktab”da muvaffaqiyatli ishtirok etgan oʻquvchilarga hamda Informatika va axborot texnologiyalari fani oʻqituvchilariga tegishli sertifikatlar topshirildi.