You are currently viewing Oʻzbekiston va Italiya: taʼlim, fan va innovatsiya sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi

Oʻzbekiston va Italiya: taʼlim, fan va innovatsiya sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi

Joriy yilning 28-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Toshkent shahridagi Turin politexnka universiteti rektori O.To‘yichiyev va Turin shahri meri Stefano Lo Russo boshchiligidagi Italiya delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim, fan va innovatsiya sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev universitet va Italiya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbollari yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.

Turin politexnika universitetining Italiyadagi bosh kampusida o‘zbek talabalariga alohida yotoqxona ajratish, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida inkubator markazini tashkil etish hamda talabalarning Italiya korxonalarida amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘yish tashabbuslari uchrashuvda muhokama qilindi. Turin politexnika universiteti rektori Stefano Kornyati ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, uchrashuvda Turin shahri meri Stefano Lo Russo Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishini yuqori baholab, Turin va Toshkent oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tish muhimligini taʼkidladi. U Turin politexnika universiteti misolida 15 yillik samarali hamkorlik tajribasini eʼtirof etib, Toshkent shahrida “Italiya-Oʻzbekiston ilgʻor muhandislik markazi”ni rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi.

Italiya delegatsiyasi vakillari kadrlar tayyorlash, tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda energetika, atrof-muhit, biotexnologiya va sunʼiy intellekt kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi. Italiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Piyergabriyele Papadiya de Bottini ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim, fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Mazkur uchrashuv Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti uchun ham yangi imkoniyatlar ochib, universitetning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.