You are currently viewing Oila – jamiyat tayanchi

Oila – jamiyat tayanchi

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham va tartibli o‘tkazilishi to‘g‘risida” va “Erta ajrimlar” mavzularida talabalar bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Birinchi masala bo‘yicha, universitet xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raisi F.Nabixanova so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettirgan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar to‘g‘risida va 14 sentabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida mamlakatda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar borasida qaror qabul qilingani haqida ma’lumot berdi.

Olmazor tumani hokim o‘rinbosari,  Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi O.Aripova so‘zga chiqib, ba’zi fuqarolar to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni dabdaba bilan o‘tkazishni qo‘shnilar, qarindoshlarning tanqidlaridan, qoralashidan, umuman olganda, jamoatchilik bosimidan xalos bo‘lish vositasi sifatida tushunmoqda deb takidladi. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar o‘rtasida qarzdorlikning vujudga kelishiga va oqibatda keskin ziddiyatlarga olib kelmoqda. Aksariyat aholi, ayniqsa, xotin-qizlarning ongida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda qiz tomonning sarf-xarajatlari qanchalik yuqori bo‘lsa, qaynona-kelin munosabatlari shunchalik yaxshi bo‘ladi, degan noto‘g‘ri tasavvur tobora mustahkamlanib bormoqda. Yuqoridagi salbiy holatlarning tobora avj olishi ming-minglab oilalarning nafaqat ijtimoiy ahvoliga, balki butun hayotiga, qolaversa, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mazkur holatlarga chek qo‘yish, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni qat’iy tartibga solish  maqsadida 2019 yil 14 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kengashi  va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”  Qo‘shma Qaror ishlab chiqdi va ushbu qaror joriy yilning yanvar oyidan kuchga kirdi” deb ma’lumot berdi.

O.Aripova  o‘z ma’ruzalarini Muxtaram Prezidentimizning ayollarga bo‘lgan e’tiborini yaqqol misoli sifatida ayollarga qaratilgan ikkita muhim qonun bilan tanishtirish bilan davom ettirdi.

Ular:

1. 02.09.2019 yildagi “Xotin qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan  himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-561-sonli qonuni.

2. 02.09.2019 yildagi “Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquliligi gender tengligi haqida”gi O‘RQ-562 sonli qonun.

“Oilaviy zo‘ravonlik” – dunyoda eng ko‘p uchraydigan jinoyatlardan biri hisoblanadi. Aksariyat hollarda unda ayollar jabr ko‘radi. Shu bois mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Insonga, shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday shakliga yo‘l qo‘ymaslik qonunlarimizda mustahkamlab qo‘yilgan. Ammo ko‘pchilik o‘zbek ayollari turmush o‘rtog‘i yoki qayinonasi, qayinukalari, boringki, o‘z ota-onasi tomonidan huquqi poymol etilayotgan bo‘lsa-da, hech kimga murojaat qilmaydi. Oqibatda vaziyat yanada chigallashib, ko‘ngilsiz holatlar kelib chiqadi. Buning oldini olish maqsadida hududlarda “Ayollar ijtimoiy moslashuv markaz”lari tashkil etildi. Ularning asosiy vazifasi zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish, ijtimoiy hayotda qiynalgan, oila a’zolari yoki boshqa shaxslar tomonidan qiynoqqa solinib kelinayotgan xotin-qizlarni aniqlab, ular tomonidan yoki ularga nisbatan kelgusida salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish choralarini ko‘rish, notinch oilalar va nikohsiz, sha’riy nikoh yoki ikki-uch xotin bo‘lib yashayotgan oilalarni aniqlash hamda ular tomonidan kelgusida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida muntazam ravishda profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilanganligi haqida ma’lumotlar berib o‘tdi O.Aripova.

Ikkinchi masala bo‘yicha, Olmazor Ichki Ishlar Bo‘linmasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, podpolkovnik O.Matchonova erta ajrimlar to‘g‘risida so‘z yuritdi.  So‘nggi yillarda ajrim masalasi jamiyatimizdagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayni kunlarda Toshkent shahri oilalarning ajrimi bo‘yicha butun respublikada yetakchilik qilmoqda.

Azal-azaldan xalqimizda oila muqaddas dargoh sifatida ulug‘lanib, u yot ta’sirlardan asrab-avaylab kelingan. Sharqona tarbiya haqida gap ketganda esa, o‘zbek oilalari doim o‘rnak qilib ko‘rsatilgan. Ming afsuski, bugungi kunda ayrim oilalardagi kattalarning ma’naviyatsizligi, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga bo‘lgan urinish, yosh oilalarning turmushiga bo‘lgan asossiz aralashuvlar sabab guldek oilalar barbod bo‘lyapti, ayollar ko‘chada qolyapti, farzandlar onasiz, ko‘p hollarda otasiz voyaga yetyapti.

Qaynonalar va kelinlar o‘rtasidagi gap-so‘zlar, erta turmush, kattalarning yoki uchinchi shaxslarning yoshlar hayotiga aralashuvi, o‘zaro murosasizlik kabi sabablar yosh oilalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda  ekan, tegishli davlat organlari siz yoshlarga  ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, oilaviy ajrimlarni oldini olish, noqonuniy nikohni oldini olish, erta nikoh va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarni oldini olish, yoshlarda oilaga bo‘lgan mas’uliyatni oshirish haqida ta’kidlab o‘tdi  O.Matchonova.

Talaba-yoshlardan mavzuga doir qanday savol yoki takliflar borligini bilish maqsadida suhbat davomida turli savollar berildi va suhbat bahs munozara shaklida davom etdi.  Suhbat davomida talaba-yoshlar ham ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berishdi va kerakli javoblar taqdim etildi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, jamiyatimizning kelajagi oilalarning mustahkamligiga bog‘liqdir. Bu borada har birimiz bir yoqadan bosh chiqarib, oilalarni mustahkamligi, jamiyatimizning sog‘lomligi hamda farzandlarimizning porloq kelajagi yo‘lida ustirayotgan o‘g‘il-qizlarimizga to‘g‘ri tarbiya berib bormog‘imiz lozim. Zero, oila mustahkamligi yo‘lida tarbiya sog‘lom oiladan boshlanadi.