Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti “Mashinasozlik texnologiyasi” taʼlim yoʻnalishi 4-bosqich talabalari “Suyuqliklar mexanikasi va gidravlika (Fluid mechanics and hydraulics)” fani doirasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidagi amaliy oʻquv dars jarayonlari hamda laboratoriya uskunalari bilan yaqindan tanishish uchun institutga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida talabalar institutning “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” kafedrasi oʻquv laboratoriyasi, Avtotraktor dvigatellari va yonilgʻi moylash materiallari tajriba laboratoriyasi va boshqa koʻrgazma stendlari bilan yaqindan tanishishdi. Ushbu tashrif fanni chuqurroq oʻzlashtirish, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash va pirovardida sanoatning yuqori texnologiyaga asoslangan tarmoqlari uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilishiga ishonamiz.