You are currently viewing 230 mingdan ortiq iqtidorli o‘quvchi qatnashgan olimpiada g‘oliblari taqdirlandi

230 mingdan ortiq iqtidorli o‘quvchi qatnashgan olimpiada g‘oliblari taqdirlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-128-son qarorida taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va darsliklarning samaradorligini tahlil qilish va takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash vazifasi belgilangan.

Mazkur vazifalardan kelib chiqib, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, boshlangʻich professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarning STEM fanlariga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, iqtidorli oʻquvchilarni aniqlash va ragʻbatlantirish boʻyicha Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi hamkorligida IBRO–2025 olimpiadasi tashkil etildi.

Xususan, joriy yilning 29-iyun kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamkorligida Iqtidorli bolalar respublika olimpiadasi (IBRO–2025) ning final bosqichi hamda “Akademik Sadullayev Olimpiadasi – SIMO-2025” gʻoliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

IBRO–2025 olimpiadasida mamlakatimizning barcha hududlaridan 230 mingdan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi. Uch bosqichli tanlovning final bosqichiga 3 453 nafar o‘quvchi yo‘llanma oldi.
Ilk bor sun’iy intellekt texnologiyalari qo‘llanilgan holda testbor.uz platformasi orqali 2–11-sinf matematika, 9–11-sinf fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha bilimlarni baholash imkoniyati yaratildi. Bu esa o‘quv dasturlari va darsliklarning amaliy samaradorligini tahlil qilishga zamin yaratdi.

Olimpiadaning uchinchi bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan TOP–100 nafar 2–9-sinf o‘quvchilari turli miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, TOP–10 nafar 10–11-sinf o‘quvchilariga noutbuk, planshet, mobil telefon, aqlli soat va quloqchinlar taqdim etildi.

Eng yuqori natija ko‘rsatgan 10–11-sinfning 18 nafar o‘quvchisi AKITA va Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetlariga 100 foiz grant asosida imtihonsiz qabul qilinadi. Olimpiadada eng faol qatnashib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan maktabga esa “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan bosh sovrin – BYD Chazor avtomobili topshirildi.

Shuningdek, tadbir yakunida marosim ishtirokchilari uchun bayramona ruhda o‘tgan musiqiy dastur tashkil etildi. Yurtimizning iqtidorli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi va tadbirga bayramona tus bag‘ishladi.