2026-yil 30-mart kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga Belarus Respublikasi delegatsiyasi tashrif buyurdi.





Delegatsiya tarkibida Belarus Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksandr Ogorodnikov hamda sanoat, muhandislik va kadrlar yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ishtirok etdilar. Delegatsiya TTPU rektori Olimjon To‘ychiyev tomonidan kutib olindi.
Tashrif davomida mehmonlar universitetning zamonaviy o‘quv binolari, ilmiy laboratoriyalari hamda amaliy mashg‘ulotlar uchun yaratilgan moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, muhandislik yo‘nalishlarida amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan ta’lim jarayonlari delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi.
Muzokaralar jarayonida kadrlar siyosati, muhandis kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish hamda amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv jarayonlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar inson kapitalini rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Mazkur tashrif TTPUning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda muhandislik ta’limini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.