You are currently viewing Sayg‘oqlar xalqaro kuni

Sayg‘oqlar xalqaro kuni


Sayg‘oq (Saiga tatarica) — Markaziy Osiyoga xos bo‘lgan noyob va qadimiy antilopa turi hisoblanadi. Uning o‘ziga xos tashqi ko‘rinishi, ayniqsa erkak sayg‘oqning egri shoxlari bilan ajralib turadi. Afsuski, bu go‘zal va noyob hayvon turi yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda. 2008 yilda sayg‘oq O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, u milliy va xalqaro miqyosda muhofaza ostiga olingan.

Sayg‘oq populyatsiyasining keskin kamayishiga bir nechta omillar sabab bo‘lgan. Jumladan, noqonuniy ovchilik, ayniqsa erkak sayg‘oqlarning shoxlariga bo‘lgan talab xitoy an’anaviy tibbiyotida ularni dorivor vosita sifatida ishlatilishi bilan bog‘liq. Shuningdek, iqlim o‘zgarishlari, yashash muhitining torayishi va inson faoliyati tufayli ularning tabiiy yashash joylari keskin kamaymoqda. Bu holat sayg‘oq turlarining butunlay yo‘qolib ketish xavfini yuzaga keltirgan.

Sayg‘oqni asrash — bu faqatgina bitta tur himoyasi emas, balki butun ekologik tizimni muvozanatda saqlashga qaratilgan muhim qadamlardan biridir. Shu bois, ushbu tashabbus doirasida ekologik tashkilotlar, ilmiy muassasalar va keng jamoatchilik o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.