You are currently viewing TTPUda “Yevropa – Markaziy Osiyo: xalqaro mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash” mavzusida xalqaro seminar bo’lib o’tdi

TTPUda “Yevropa – Markaziy Osiyo: xalqaro mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash” mavzusida xalqaro seminar bo’lib o’tdi

2026-yil 12-fevral kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida, Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (NQAAE), Yevropa muhandislik ta’limini akkreditatsiya qilish tarmog‘i (ENAEE), Markaziy Osiyo ta’lim sifatini ta’minlash federatsiyasi (CAF), Markaziy Osiyo ta’limni akkreditatsiya qilish assotsiatsiyasi (CAAAE) hamda Toshkent shahar muhandislik ta’limi assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Yevropa – Markaziy Osiyo: xalqaro mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash” mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi.

Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ochib berdi. Vazir o‘z nutqida muhandislik ta’limini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda bitiruvchilarning global mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Gibrid formatda o’tkazilgan ushbu tadbirda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi vakillari, NQAAE, ENAEE, CAF, CAAAE rahbariyati, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Seminar doirasida ENAEE tomonidan muhandislik ta’limida EUR-ACE sifat belgisi berish mexanizmlari, O‘zbekiston Respublikasida davlat va xalqaro akkreditatsiya jarayonlari, Markaziy Osiyo hududida ta’lim sifatini ta’minlashning strategik yo‘nalishlari, shuningdek, hududiy va xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur seminar Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining xalqaro ta’limdagi mavqeini yanada mustahkamlash, muhandislik ta’limi sifatini oshirish hamda global mehnat bozori talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi tizimli ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.