You are currently viewing TTPUda “Zilzilabardoshlik sohasida salohiyatni oshirish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi

TTPUda “Zilzilabardoshlik sohasida salohiyatni oshirish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi

Tadbir avvalida mehmonlar uchun universitet bo‘ylab tur tashkil etilib, ilmiy laboratoriyalar, zamonaviy o‘quv bazasi hamda universitetning zilzilabardoshlik sohasidagi innovatsion tadqiqotlari bilan yaqindan tanishtirildi. Shundan so‘ng, tadbirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda TTPU rektori Olimjon Toʻychiyev zilzilabardoshlik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning dolzarbligini va xalqaro hamkorlikning muhimligini ta’kidlagan holda anjumanni rasman ochib berdi.

Anjuman plenar muhokamasida shahar infratuzilmasi va madaniy meros obyektlarining seysmik xavfsizligini oshirish, zilzilabardosh inshootlarni loyihalashda ilg‘or modellashtirish usullari hamda zamonaviy geomatik texnologiyalar yordamida seysmik monitoring va prognozlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, tadbir doirasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kompetensiyani rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum ilmiy loyihalar, kadrlar tayyorlash, ilmiy-texnik tadqiqotlar va innovatsion qurilish texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.