You are currently viewing “Yoshlar orasida muhandislik sohasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

“Yoshlar orasida muhandislik sohasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 8-aprel kuni Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasida “Yoshlar orasida muhandislik sohasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev yoshlar bilan uchrashib, muhandislik sohasining bugungi kundagi ahamiyati, zamonaviy tendensiyalar hamda istiqbolli yo‘nalishlar haqida taqdimot qildi. Jumladan, sun’iy intellekt, robototexnika, yashil energetika kabi yo‘nalishlar muhandislik rivojining asosiy drayverlari sifatida alohida ta’kidlandi.

Ma’ruza davomida bugungi muhandislar ilm-fan va ishlab chiqarishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi ekani, innovatsiyalar yaratish, murakkab texnologik muammolarni hal etish hamda jamiyat farovonligini ta’minlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, raqamli transformatsiya jarayonlari sharoitida yuqori malakali muhandis kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgani, bu borada yoshlarni muhandislik yo‘nalishlariga keng jalb etish muhimligi qayd etildi. Uchrashuvda STEAM ta’limi asosida yoshlar orasida muhandislikka qiziqishni oshirish, robototexnika, dron texnologiyalari, dasturlash hamda amaliy ilmiy tajribalarni keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha “eng yaxshi g‘oya”, “eng yaxshi loyiha” va “eng yaxshi ixtiro” respublika tanlovlarini o‘tkazish hamda g‘oliblarni xorijiy davlatlarda stajirovkaga yuborish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Taqdimot davomida “Muhandislik oyligi – 2026” doirasida robototexnika, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, dron texnologiyalari, yashil energetika va aviatsiya modellashtirish yo‘nalishlarida hackathonlar, startap taqdimotlari, mahorat darslari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokidagi uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Tadbir doirasida Olimjon To‘ychiyev muallifligidagi “Yosh muhandis” kitobi taqdim etildi. Mazkur qo‘llanma o‘quvchilarda mantiqiy va analitik fikrlashni shakllantirish, matematik bilimlarni mustahkamlash hamda muammolarni mustaqil hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgani ta’kidlandi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Eng yaxshi savol muallifiga kitob sovg‘a qilindi.