Avtomobilsozlik sanoatida ishlab chiqarish tarmoqlarining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishi, yangi ishlab chiqarish vositalarini amalga tatbiq qilish, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, 2022 yil 2-7 aprel kunlari “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Italiyaning Politecnico di Torino universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Jamshid Inoyatxo‘jaev va Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdaliyev shuningdek, Italiyaning Politecnico di Torino rektori Guido Saracco ishtirokida bir qator samarali muzokaralar va uchrashuvlar o’tkazildi.
Rasmiy tashrif doirasida universitet hududida joylashgan o‘quv va ilmiy laboratoriyalar bilan tanishuv, avtomobilsozlik sohasidagi tadqiqot markazlari va korxonalariga tashriflar amalga oshirildi.
Turin shahridagi Italiyaning yirik –“Hexagon Manufacturing Intelligence” kompaniyasi bilan uchrashuv natijasida, bu kompaniyaning O‘zbekistonda doimiy vakolatxonasi va Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida Ishlab chiqarish bo‘yicha “Kompetensiyalar markazi” va “Yangi metrologiya texnologiyalari laboratoriyasi” ochilishi kelishildi.
Italiyaning Turin Politexnika Universiteti “Shahar infratuzilmasida avtomobil intellektual tizimlarni o‘rganish laboratoriyasi”ga tashrif davomida deligatsiya yangi ishlanmalar bilan tanishdi. Muzokaralar davomida bu kabi laboratoriya 2023/24 o‘quv yili davomida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti qoshida italiyaliklar yordamida yaratilishi kelishib olindi.
Avtomobilsozlik va mashinasozlik sohalarida mutahassislarni tayyorlash maqsadida, Italiyadan professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni jalb etilgan holda “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” professional oliy ta’lim yo‘nalishini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur ta’lim yo’nalishi 2022-2023 o‘quv yildan boshlab Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unga ko‘ra birinchi bosqichda150 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan. 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab esa ushbu yangi ta’lim yo’nalishi Andijon mashinasozlik institutida ham joriy etilishi rejalashtirilgan. Umuman olganda, “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” yo’nalishi bo‘yicha 2026-yilga qadar talabalar sonini 10 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Talabalar amaliy mashg’ulotlarining o’quv rejasi bevosita sanoat va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Natijada bitiruvchilar o’qishni tamomlagandan so’ng, ish joyida ishlatishi mumkin bo’lgan kasbiy ko’nikmalarga ega bo’ladilar.
Barcha yuqorida keltirilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun italiyalik hamkorlar 5 yil muddatli strategik hamkorlik loyihasini ishlab chiqishi ko’zda tutilgan.Loyihani amalga oshirishni boshlash maqsadida Turin politexnika universiteti rektori Guido Saraссo boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari yaqin kunlarda Toshkentga kelishi kutilmoqda.