Joriy yilning 26-27-may kunlari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi rasmiy tashrifi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo’yicha turli sohalarda xususan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ilg‘or Rossiya tajribasi asosida ilmiy va innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish hamda texnologiyalarni transfer qilish bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolanib, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birgalikda joriy yil 20-iyun sanasida Davlat rahbari boshchiligida “Muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish” masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, xususan “tarmoq-korxona-oliygoh” tizimini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida hamda ishlab chiqarish sohasidagi tadbirkorlar ehtiyojlaridan kelib chiqib, 27-iyun kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida Rossiyaning sanoat sohasidagi yirik “Robototexnika va aqlli boshqaruv tizimlari” konsorsiumi ishtirokida “Sanoat korxonalarining raqamli transformatsiyasi” nomli forum tashkil etildi.
Forumda Rossiyaning 10 ga yaqin yirik korxonalari o‘zlarining ta’lim tizimi va sanoat korxonalari uchun quyidagi yo‘nalishdagi taqdimotlari bilan qatnashdilar:
- VR konstruktorlari, raqamli egizaklar.
- Sanoat, komponentlar va dasturiy ta’minot uchun odatiy robot tizimlari. Yechimlarni qo’llash sohasi payvandlash, palletlash, qismlarni mashinalarga yuklash, qismlarni qayta ishlash, bo’yash, qadoqlash, o’qitish ishlab chiqarish jarayonlari.
- Qo’shimcha texnologiyalar:
Quyma temir, po’lat yoki rangli qotishmalar bilan to’ldirish uchun qoliplarni to’g’ridan-to’g’ri bosib chiqarish uchun Binder Jetting texnologiyasidan foydalangan holda sanoat 3D qurilmalarining modellari taqdim etildi.
Onlayn va offlayn shaklda bo‘lib o‘tgan tadbir O’zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi, “Sharq Ayoli” xalqaro xotin-qizlar jamoat fondi, “UzautoMotors” AK, “uz-Koram Kompani” MCHJ, “Uzeltexsanoat”, “AVTOTOOYNA” MCHJ va boshqa yirik sanoat-ishlab chiqarish korxonalari vakillari, bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari, masalan, Mineral resurslar instituti, Neft va gaz konlari geologiyasi va razvedkasi instituti, mamlakatimizning yetakchi texnik oliy o’quv yurtlari, texnoparklari ishtirok etdi. Ushbu tashkilotlar ilg’or xorijiy tajribani o‘rganish va kelgusida o‘z faoliyatlarida qo‘llash masalalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.