You are currently viewing Italiya-O’zbekiston ilg’or muhandislik markazi – ikki hukumat hamkorligi loyihasi.

Italiya-O’zbekiston ilg’or muhandislik markazi – ikki hukumat hamkorligi loyihasi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 6-7 iyun kunlari Italiyaga tashrifi doirasida o’tkazilgan biznes-forumda, Italiya savdo agentligi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi o’rtasida imzolangan memorandumga asosan Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “Italiya-O’zbekiston ilg’or muhandislik markazi” ochilishi loyihasi bo’yicha ishlar samarali davom ettirilmoqda.

Loyihaning ikkinchi bosqichida nazarda tutilganidek, markaz uchun kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida hozirgi kunda mutaxassislar Italiyaning nufuzli professional ta’lim institutlarida malaka oshirmoqdalar. Hususan, Tesktil sanoati sohasi bo’yicha 5 nafar mutaxassis Florensiya shahrining Prato Polo universitetida, Milan shahrining Arsutoria charm sanoat maktabida charm sanoati va ECOLE institutida mashinasozlik sohalarida 4 nafardan mutaxasislar ta’lim olmoqdalar. Ta’lim jarayonlari nazariy hamda ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurib amaliy tarzda bo’lib o’tmoqda.

Loyihaning ko’lamini kengaytirish, hamkor tashkilotlar bilan aloqalarni o’rnatish va ta’lim jarayonlarini kuzatish maqsadida “Italiya-O’zbekiston ilg’or muhandislik markazi” ochilishi loyihasi menejeri Jasur G’ayratov tomonidan ECOLE, PIN va ARSUTORIA ta’lim muassasalari ma’sullari, FICEP, PietroCarnaghi ishlab chiqarish korxonalari mutaxassisalari bilan uchrashuvlar bo’lib o’tmoqda.

Shu bilan birga, kuni kecha Italiya dastgohlar, robotlar, avtomatlashtirish tizimlari va yordamchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UCIMU) prezidenti Barbara Colombo bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda loyihaning keyingi bosqichlari, texnologiyalar transferi va boshqa hamkorlik masalalari muhokama qilindi.