







Joriy yilning 26-iyun kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “O‘zbekistonda Italiya tajribasi asosida tarmoq korxonalariga optoelektronika va tolali sensorlarni joriy etish orqali ularning raqobatbardoshliligini oshirish” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Piyergabriyele Papadia de Bottini boshchiligidagi delegatsiya, TTPU rektori O.Toʻychiyev va professor-o‘qituvchilari, soha ekspertlari, sanoat korxonalari mutaxassislari hamda qator hamkor tashkilotlar hamda universitetlar vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida delegatsiya tarkibidan Politecnico di Torino universiteti professori Alberto Vallan tomonidan optik tola sensorlarining qo‘llanilish imkoniyatlari yuzasidan keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi. U o‘z nutqida ushbu sensorlarning nafaqat telekommunikatsiya, balki harorat, bosim, tezlik kabi fizik ko‘rsatkichlar hamda pH darajasi, ifloslantiruvchi moddalarning monitoringi kabi kimyoviy jarayonlarda ham samarali qo‘llanishi mumkinligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bu texnologiyalarning elektromagnit ta’sirlarga bardoshliligi, xavfsizligi va uzoq masofalarga aniqlik bilan ma’lumot uzatish qobiliyati ularning muhim ustunliklaridan biri ekani ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari optik sensor texnologiyalarining sanoat, ekologiya va tibbiyot sohalaridagi istiqbollari haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Taqdim etilgan ilg‘or texnologik yechimlar TTPU va hamkor tashkilotlar faoliyatida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari uchun yangi g‘oyalar manbai bo‘ldi.