2023 yilning 10 iyun kuni “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Rozukulov Ulugʻbek Ubaydullayevich boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Italiyaning Turin Politexnika universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Ulug’bek Rozukulov, “O‘zavtosanoat” (UzAvto) AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sardor Tadjiyev, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti (TTPU) rektori Jamshid Inoyatxodjaev, Italiyaning Turin Politexnika Universiteti (PoliTo) rektori Guido Sarakko boshchiligidagi ishchi guruh bilan bir qator muzokaralar o‘tkazdi. Bunda PoliTo, TTPU va UzAvto ning hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Prof. G.Sarakko UzAvto tasarrufidagi korxonalarning istiqboli va keyingi yillardagi rivojida TTPU bilan hamkorlik juda muhimligini ta’kidlab o‘tdi. Bu hamkorlik doirasida akademik, ilmiy, ishlab chiqarish, qayta o‘qitish kabi yo‘nalishlarni yanada rivojlanishiga aniq loyihalar taklif etdi. Xususan, TTPU qoshida professor o‘qituvchilarni malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash markazini tashkil etish, UzAvto tarkibidagi korxonalar muhandislarini “Sanoat 4.0” texnologiyalari bo‘yicha malakasini oshirish, UzAvto qoshida Andijon shahridagi “UzAuto Academy”ni tashkil etish, energetika sohasi bo‘yicha “Vodorod texnologiyalarini rivojlantirish markazi”ni tashkil etish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab qo‘yildi va Rim shahrida 6 iyun kuni bo‘lib o‘tgan biznes forum doirasida imzolangan xujjatlar bo‘yicha harakatlar rejasi kelishib olindi.
Shuningdek, TTPUda yangi “Aerokosmik muhandisligi” va “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” yo‘nalishlarini ochishga kelishildi. Qolaversa, hamkorlikda Ph.D larni tayyorlashni kengaytirish, qo‘shma doktorantura dasturini joriy qilish belgilandi.
Delegatsiya PoliTodagi «Sanoat 4.0», «Ilg‘or materialshunoslik», «Aviatsiya muhandisligi» kabi laboratoriya markazlari bilan tanishdi va shu kabi markazlarni TTPUda hamda Andijon shahridagi UzAvto Motors korxonasi qoshida joriy etish yo‘llarini o‘rgandi.
Tashrif doirasida delegatsiya PoliTo universiteti iqtidorli talabalari tomonidan ishlab chiqilgan alternativ energiya manbaida harakat qiladigan avtomobillarni taqdimotida qatnashdi.
Hozirda PoliToning bakalavr, magistratura hamda Ph.D bosqichlarida 152 ta O‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda. UzAvto boshqaruv raisi yig‘ilishga kelgan ushbu talabalarning 30 nafari bilan yaqindan tanishdi va ularning qiziqishlari, uchrashuv ishtiroklchilarining avtomobil sohasidagi taklif mulohazalarini tinglandi.Uchrashuv rasmiy formatdan ko‘ra ko‘proq savol javob ko‘rinishida bo‘lib o‘tdi. Bunda talabalar O‘zbekiston avtosanoatining rivoji uchun qanday ishlar amalga oshirilishi kerakligi to‘g‘risida fikr yuritdilar.
Tashrif so‘ngida delegatsiya PoliToning “I3P” startap inkubator markaziga tashrif buyurib, markaz qoshida amalga oshirilayotgan startap loyihalar bilan tanishdi.