Joriy yilning 10 noyabr kuni, Italiya Prezidenti Serjio Mattarella Oʼzbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Toshkentdagi Turin Politexnika universiteti (TTPU) ga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Аbdulla Oripov boshchiligida Oʼzavtosanoat АK boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov va TTPU rektori Jamshid Inoyatxodjaev kutib oldi.
Italiya delegatsiyasi tarkibi Italiyadagi Turin Politexnika universiteti rektori Gvido Sarakko, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Anita Tabakko va universitetning boshqa vakillaridan iborat bo‘ldi.
Prezident tashrifining asosiy maqsadlaridan biri ustuvor yo‘nalishlarda, xususan, sanoat transformatsiyasi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash sanaladi. Bilim va tajriba almashish- doimo Italiya va O’zbekiston o’rtasidagi hamkorlikning asosi bo’lib kelgan, dedi Prezident Matarella o’zining rasmiy nutqida.
Gvido Sarakko prezident Mattarellaning tashrifi sharafli ekanini bildirib, 2009 yildan buyon TTPU O‘zbekistonda muhandislik taʼlimi va Italiya texnologiyalarini joriy etishda yetakchi o‘rinni egallab kelayotganini taʼkidladi.
Tashrif doirasida universitet bo’ylab sayohat tashkil etildi, unda delegatsiya a’zolari universitetning elektron resurs markazi, madaniy meros texnologiyalari laboratoriyasi, shuningdek, sanoat 4.0 o’quv laboratoriyasi bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, TTPUga tashrif doirasida, “O‘zbekistonda sanoat transformatsiyasida taʼlim va innovatsion hamkorlik” mavzusida seminar tashkil etilib, unda Italiya delegatsiyasi “Sanoat 4.0” sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida taʼlim, tadqiqot va texnologiyalar transferi istiqbollari, shuningdek, 4.0 sohasidagi sanoat kooperatsiyasining ilg‘or tajribalariga alohida eʼtibor qaratildi.