Joriy yilning 31-yanvar va 1-fevral kunlari Qozogʻiston Respublikasining Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan “Digital Almaty 2025” xalqaro raqamli forumi doirasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon Toʻychiyev “Raqamli fabrikalar: Sun’iy intellekt yordamida aqlli boshqaruv va robototexnika integratsiyasi” mavzusidagi panel muhokamasida ekspert sifatida ishtirok etdi.
Mazkur forum biznes vakillari, xalqaro ekspertlar, IT-hamjamiyat, davlat idoralari va ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilib, raqamli texnologiyalar va sanoat innovatsiyalari sohasidagi ilg‘or tajribalar muhokamasiga bag‘ishlandi.
Panel muhokamasi davomida O.Toʻychiyev raqamli sanoat, robototexnika va sun’iy intellektni rivojlantirish boʻyicha O‘zbekistonda va TTPUda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar haqida nutq soʻzladi. Shuningdek, forum doirasida Xitoyning AGIBOT kompaniyasi bilan O‘zbekistonda odamsimon robot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik kelishuviga erishildi.