2025-yil 23-oktabr kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi: Barqaror energetika kunlari” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yevropa Ittifoqining SECCA (Sustainable Energy Connectivity in Central Asia) loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbir yoshlar o‘rtasida barqaror energiya manbalari, ekologik tafakkur va “yashil” texnologiyalar ahamiyatini targ‘ib etish, shuningdek, maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasasi hayoti va ilmiy-innovatsion muhit bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.









💠 Tadbirda SECCA loyihasining energetika bo‘yicha yetakchi eksperti Paata Janelidze, energetika sohasini boshqarish bo‘yicha ekspert Ilze Purina, loyiha tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha ekspert Nataliya Sarsenbekova, O‘zbekiston bo‘yicha milliy koordinator G‘ayrat Tashmatov, kommunikatsiya bo‘yicha ekspert Erik Ilyasov, shuningdek TTPU birinchi prorektori Alisher Ashurov va Toshkent shahridagi 242-maktabning 40 nafar bitiruvchilari ishtirok etdilar.
🔹 Tashrif doirasida mehmonlar universitet ma’muriyati tomonidan kutib olinib, ular uchun kampus bo‘ylab tanishtiruv tashkillashtirildi. Shuningdek, universitetning ilmiy laboratoriyalari, texnoparki va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishtirildi.
So‘ngra TTPU katta majlislar zalida maktab bitiruvchilari uchun “Barqaror energetika” mavzusida seminar o‘tkazildi. Tadbirni TTPU birinchi prorektori Alisher Ashurov ochib berib, o‘z nutqida yoshlarni ekologik madaniyatni shakllantirish, energiya tejamkorlik va “yashil iqtisodiyot” g‘oyalarini hayotga tatbiq etishga chaqirdi.
💠 Seminar davomida SECCA loyihasi vakillari tomonidan bitiruvchilarga mavzuga oid savollar berildi. Ishtirokchilar faol qatnashib, o‘z bilim va fikrlarini namoyon etdilar. Tadbir yakunida eng faol bitiruvchilar SECCA loyihasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.