You are currently viewing “O‘zbekistonda ilk bor koinotga nano SPUTNIK uchirildi”

“O‘zbekistonda ilk bor koinotga nano SPUTNIK uchirildi”

O‘zbekistonda ilk bor Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti talabalari tomonidan ishlab chiqarilgan CubeSat (nano sun’iy yo‘ldosh) stratosferaga uchirildi. Vazni 2.5-3.0 kg bo‘lgan, U-klasdagi ushbu apparat, kosmik tadqiqotlar olib borish uchun bir nechta modullardan tashkil topgan 10 sm kub xajmdagi sun’iy yo‘ldosh hisoblanadi.

CubeSat bir qator sensor qurilmalardan tashkil topgan bo‘lib, yerdan uzoqlashish balandligini, stratosferadagi havo namligi, shamol tezligi, havoning ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi va boshqa turdagi fizikaviy ma’lumotlarni onlayn tarzda universitetda joylashtirilgan ma’lumotlarni qabul qiluvchi stansiyaga uzatdi, kelgusida qabul qilingan ma’lumotlar geodeziya sohasida ilmiy-tadqiqot olib borish uchun tahlil qilinadi. Shuningdek, CubeSat uchishi davomida video tasvirlarni onlayn tarzda uzatdi, ushbu ma’lumotlar yordamida kelgusida geo axborot tizimlari yo‘nalishidagi tadqiqotlarda foydalaniladi.

“Yurtimizda kosmik faoliyatni rivojlantirishga davlat rahbari tomonidan alohida e’tibor berilmoqda. Xususan 2019 yil 30 avgustdagi PF-5806-sonli “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida yurtimizda «O‘zbekkosmos» agentligining tashkil etilishi ushbu sohaga yoshlarimizni yanada qiziqishini uyg‘otdi. Bugungi tadbir doirasida kosmik tadqiqotlarga bag‘ishlangan loyihani amalga oshirishdan maqsad, universitetimiz talaba-yoshlarini kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarni rivojlantirishga qiziqishini uyg‘otish va ushbu sohada nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash”, – deb ta’kidladi Jamshid Shuxratullayevich Inoyatxodjayev, Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti rektori.

Loyiha muallifi Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti talabasi Ziyodulla Butaxonov boshchiligidagi bir guruh talabalar NASA rekordini yangilashga urindilar.

Kosmik faoliyatni rivojlanishi kelgusida yer resurslaridan samarali foydalanish, geo axborot tizimlaridan foydalangan holda geodeziya, kartografiya va kadastrni shakllantirishda yordam beradi. Shuningdek, geo axborot tizimlarini rivojlantirish orqali shahar markazlarida paydo bo‘layotgan avtotransport vositalarining tirbandligini, avto yo‘llardan foydalanishni optimallashtirish orqali kamaytirishga erishiladi.