Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti 1- bosqich akademik guruh tyutori Eshonkulov Mirshod boshchiligida, talabalar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida, ”Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida talabalar Vatanimiz mustaqillikka erishishi, millatimiz g‘ururi, uning qadriyatlarini, boy ma’naviyatini asrab qolish yo‘lida jonini qurbon qilgan millat fidoyilari Abdulla Qodiriy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon kabi ulug‘ ma’rifatparvar ajdodlarimizning hayoti, ijodi, ilmiy faoliyati bilan tanishdi. Muzeyining har bir bo‘limi xalq orasidan, qatag‘on qurbonlari oilasi, avlodlari tomonidan taqdim etilgan va muzeyda arxiv hujjatlaridan olingan tarixiy manbalar bilan boyitilgan.
Muzey ilmiy xodimlari tomonidan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyining barpo etilish va tarixiy ahamiyati to‘g‘risida ma’ruza va tanishtiruvlari talabalarda katta taassurot qoldirdi.
Jamiyatni ma’naviy yuksaltirishda, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muzeylarning alohida o‘rni bor. Ularda jamlangan tarixiy manbalar, xalqning o‘tmishi aks etuvchi ekspozitsiyalar bizni ajdodlar hayoti, kurashi va boy merosi bilan tanishtiradi. Muzeylarning ijtimoiy-siyosiy hayotimizda bajaradigan vazifalaridan biri ta’lim va tarbiya o‘chog‘i ekanligidir.