Joriy yilning 16-noyabr kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “Graduation Ceremony – 2024” diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Sharipov Kongratbay Avezimbetovich, Italiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna, Nobel mukofoti laureati Rae Kwon Chung, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori To‘ychiyev Olimjon Alijonovich, Italyan prorektorlar Alberto Sapora va Stefano Paolo Pastorelli kabi nufuzli mehmonlar, shuningdek, TTPU hamda Politecnico di Torino professor-o‘qituvchilari, universitet bitiruvchi talabalari va ularning oila a’zolari, do‘stlari ishtirok etdi.
Tadbir boshida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng, mehmonlar birin-ketin so‘zga chiqib, bitiruvchi-talabalarga kelgusi ishlariga omad va zafarlar tiladilar.
Bitiruvchilarga diplomlarni shaxsan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Sharipov Kongratbay Avezimbetovich, Italiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori To‘ychiyev Olimjon Alijonovich, Italyan prorektor Stefano Paolo Pastorelli va Nobel mukofoti laureati Rae Kwon Chung topshirdilar.
Tadbirda jami 186 nafar bitiruvchi diplom bilan taqdirlanib, shundan 161 nafari bakalavr, qolgan 25 nafari magistr diplomiga sazovor bo‘lishdi.
Ta’kidlash joizki, bitiruvchilarning 100 foizi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, hozirgi kunda TTPU bitiruvchilari nafaqat Respublikaning turli sohalarida, balki dunyoning yetakchi kompaniyalarida, xususan, Italiyaning Manganorobot, Daniyaning Uber, Italiyaning Pirelli, Dubayning VITRONIC Machine Vision Middle East, Germaniyaning “BMW group” kompaniyalarda muhandis, yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritib kelmoqdalar.
Tadbir yakunida bitiruvchilar o‘qish davomida ko‘rsatgan ko‘mak va yo‘l‑yo‘riqlari uchun o‘zlarining professor-o‘qituvchilari, ustozlari va ota-onalariga minnatdorchilik bildirib, esdalik uchun suratga tushdilar.