2024-yilning 19–21-noyabr kunlari Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti (TTPU) rektori To’ychiyev O.A. boshchiligidagi TTPU professor-o’qituvchilaridan iborat delegatsiya Ispaniyaning Madrid shahridagi Madrid Politexnika Universitetida o‘tkazilgan “Yashil bitim doirasida barqaror transport” mavzusidagi muhim treningda ishtirok etdi.
Tadbir barqaror transport bo‘yicha innovatsion yechimlarni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, unda ekspertlar, olimlar va soha mutaxassislari qatnashdi.
Trening Madrid Politexnika Universitetining mashhur avtomobil tadqiqot instituti Universitet avtomobil tadqiqotlari institutiga (INSIA) tashrif bilan boshlandi. U yerda delegatsiya transport texnologiyalari bo‘yicha eng yangi yutuqlar bilan tanishishdi. Shuningdek, TTPU vakillari Madrid Politexnika Universitetining Telekommunikatsiya muhandisligi fakultetiga tashrif buyurilib, barqaror yechimlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlanmalar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar. Ikkinchi kunning asosiy voqealaridan biri Dr. Ruzimov Sanjarbek tomonidan taqdim etilgan “Barqaror transport bo‘yicha manfaatdor tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari” mavzusidagi taqdimot bo‘ldi. Ushbu ma’ruza O‘zbekistonda barqaror transport sohasidagi muammolar va innovatsion yondashuvlarga oid qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga olib, TTPUning ushbu sohadagi yetakchiligini namoyon etdi.
Treningning so‘nggi kuni, SPHERE loyihasi konsorsiumi a’zolari uchun maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda kurs kataloglarini ishlab chiqish, o‘quv dasturlari loyihalashtirish va barqaror transport bo‘yicha tadqiqot va ta’lim uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. TTPU vakillari tadbir davomida faol ishtirok etib, xalqaro institut va tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan bilim va tajriba almashish sessiyalarida qatnashdi. TTPUning ushbu tadbirdagi ishtiroki barqaror transport yo‘nalishidagi sa’y-harakatlariga bo‘lgan sadoqatini yana bir bor tasdiqladi. Bu tashabbuslar doirasida kompetensiya kataloglari va kurslarini ishlab chiqish, zamonaviy ilmiy laboratoriyalar tashkil etish hamda ta’lim sifatini oshirish uchun professor-o‘qituvchilarning mobilligini ta’minlash rejalari amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbir TTPUning barqaror transport bo‘yicha ta’lim va tadqiqotlar sohasida global miqyosda barqarorlik va innovatsiyani ilgari surishdagi yetakchiligini yanada mustahkamladi.