Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2009-yil 27-apreldagi PQ–1106-son qaroriga asosan, Politecnico di Torino (Italiya) va O‘zbekiston Respublikasi hukumati hamkorligida tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida TTPU muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro mezonlarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlab kelmoqda.
Joriy yilning 19-iyul kuni Universitet hayotida muhim o‘zgarish yuz berib, uning faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi.
📌 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan PF–114-son Farmoniga muvofiq oliy ta’lim tizimidagi islohotlar doirasida TTPU faoliyatiga doir quyidagi yangiliklar belgilandi:
🔺 Ta’lim jarayonlari endilikda nafaqat Politecnico di Torino, balki boshqa yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida olib boriladi;
🔺 Bitiruvchilarga TTPU va xorijiy hamkor universitet(lar) tomonidan beriladigan xalqaro tan olingan diplomlar topshiriladi.
Ushbu huquqiy asoslar TTPUning xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ta’lim xizmatlari sifatini oshirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.