

2025-yil 18-noyabr kuni Germaniyada bo‘lib o‘tayotgan Germaniya–O‘zbekiston Rektorlar Forumi doirasida, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti (TTPU) rektori Olimjon To’ychiyev va Anhalt amaliy fanlar universiteti – Hochschule Anhalt (HSA) rektori prof. Jörg Bagdahn o‘rtasida akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Tadbir Germaniyadagi O‘zbekiston Respublikasining Elchixonasi binosida o‘tkazildi va ikkala davlat oliy ta’lim muassasalari rahbarlarini bir joyga jamladi.
Ushbu memorandum ikki universitet o‘rtasida uzoq muddatli va strategik hamkorlik, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish (1+1 hamda ikki diplomli magistratura dasturlari), professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi dasturlari, qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish uchun mustahkam platforma yaratadi.