You are currently viewing Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Joriy yilning 9-aprel kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida buyuk davlat arbobi va sarkarda — Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlar qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, buyuk ajdodlarimizning boy tarixiy merosini chuqur o‘rganish hamda ularning hayoti va faoliyatidan ibrat olishga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda Mudofaa vazirligi iste’fodagi polkovniki Gulmurod Keldiyarovich Xushvaqov, iste’fodagi podpolkovnik Ulugʻbek Abdurahmonovich Zufarov hamda “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakili Ma’mura Zoxidova hamda Universitet talabalari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Universitet birinchi prorektori Alisher Ashurov so‘zga chiqib, Amir Temurning davlat boshqaruvi, harbiy san’ati, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, talabalar tomonidan Sohibqiron hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar hamda badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ushbu chiqishlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Mehmonlar ham o‘z nutqlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tarixiy merosni asrab-avaylash va buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Amir Temurning boy merosi, ibratli hayoti va buyuk ishlari har bir inson uchun muhim hayotiy maktab ekani ta’kidlandi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, ishtirokchilarda katta ma’naviy taassurot qoldirdi.