You are currently viewing TTPUda xalqaro yozgi maktab — “Summer School Uzbekistan 2026”!

TTPUda xalqaro yozgi maktab — “Summer School Uzbekistan 2026”!

2026-yil 2–16-avgust kunlari Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda Germaniyaning Kempten amaliy fanlar universiteti hamkorligida “Summer School Uzbekistan 2026” xalqaro yozgi maktabi tashkil etilmoqda.

Dastur O‘zbekiston va Germaniya talabalari o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvini rivojlantirish, ularni Markaziy Osiyoning iqtisodiy, texnologik va madaniy salohiyati bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan.

Dastlabki ma’ruzalar Industry 4.0, turizm va madaniy meros hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.

🏭 Industry 4.0 va zamonaviy ishlab chiqarish

Dastur doirasida ishtirokchilar UzAuto Motors Powertrain korxonasiga tashrif buyurib, ishlab chiqarishni tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar va sanoat jarayonlari bilan tanishdilar. Shuningdek, talabalar uchun:

🔹 “Design-to-Part” yondashuvi;
🔹 loyiha boshqaruvi;
🔹 avtomatlashtirish tizimlari;
🔹 gidravlika va pnevmatika

bo‘yicha ma’ruza hamda laboratoriya mashg‘ulotlari tashkil etildi.

🏛 Turizm va madaniy meros

Yozgi maktabning madaniy dasturi doirasida talabalar Toshkent shahrining tarixiy tuzilishi, qadimiy mahallalari va an’anaviy me’morchiligi bilan tanishmoqdalar. Ishtirokchilar Qorasaroy ko‘chasidagi Matkarimboy uyiga hamda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradilar.

Samarqand shahrida Amir Temur maqbarasi — Go‘ri Amir, Registon maydoni, Bibixonim masjidi va Shohi Zinda majmuasiga sayohatlar tashkil etiladi.

Buxorodagi dastur esa Buxoro davlat texnika universitetiga tashrif, shaharning tarixiy tuzilishi va Buyuk ipak yo‘lidagi o‘rni haqidagi taqdimotlarni qamrab oladi. Talabalar Labi Hovuz, Mag‘oki Attor masjidi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Sitorai Mohi Xosa saroyi va Buxoro Arki bilan yaqindan tanishadilar.

🤖 AKT, robototexnika va kiberxavfsizlik

Jizzax shahridagi BYD ishlab chiqarish korxonasiga tashrif davomida talabalar zamonaviy avtomobilsozlik jarayonlari va korxonada qo‘llanilayotgan texnologiyalarni o‘rganadilar.

AKT yo‘nalishidagi amaliy mashg‘ulotlar quyidagi mavzularni qamrab oladi:

🔹 PLC dasturlash;
🔹 kollaborativ robotlarni boshqarish;
🔹 kiberxavfsizlik asoslari;
🔹 bulutli hisoblash texnologiyalari;
🔹 sanoat avtomatizatsiyasi;
🔹 ishlab chiqarishda amaliy mexanika.

💡 Xalqaro jamoaviy loyihalar

Yozgi maktab davomida o‘zbekistonlik va germaniyalik talabalar aralash jamoalarda amaliy loyihalar ustida ishlaydilar. Dastur yakunida jamoalar o‘z loyihalari va erishgan natijalarini professor-o‘qituvchilar hamda ekspertlar ishtirokida taqdim etadilar. Taqdimotlardan so‘ng muhokamalar, ishtirokchilarni baholash, sertifikatlar topshirish va rasmiy suratga tushish marosimi o‘tkaziladi.

🤝 Dastur yakunida talabalar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinadi, xalqaro akademik aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi hamda Toshkent bo‘ylab madaniy sayohat tashkil etiladi.

“Summer School Uzbekistan 2026” — bu zamonaviy bilimlar, amaliy tajriba, madaniyatlararo muloqot va yangi xalqaro do‘stliklarni birlashtiruvchi noyob ta’lim maydonidir.